«EKOSAN» ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamoat fondi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida 25 yil davomida o`z faoliyatini samarali olib bormoqda.
Fondning asosiy maqsadi – salbiy ekologik omillarning tabiatga, atrof-muhitga, insonga va umuman ekosistemaga ta`sirini kamaytirish borasida olib borilayotgan ishlarga ko`maklashish, O`zbekiston va butun Markaziy Osiyoda atrof-muhit va ekologik barqaror rivojlanish sohasida mahalliy, mintaqaviy va xalqaro dastur hamda loyihalar ishlab chiqilishi hamda ularning amaliyotga tatbiq etilishida ishtirok etish, aholining ekologik ongi va dunyoqarashini shakllantirish, sog`lom turmush tarzi targ`iboti borasida turli darajadagi keng ko`lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, shuningdek, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamiga xayriya yordamlarini ko`rsatishdan iborat.
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida, "EKOSAN" xalqaro jamoat fondi o`z faoliyatida, asosiy moliyaviy mablag`i yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari, davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar ajratadigan grantlardan iboratligidan kelib chiqib, xomiy va hamkorlarni jalb qilgan holda, o`zining "Maqsadli dastur" ini bosqichma-bosqich amalga oshirdi.
I. Aholi o`rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, atrof tabiiy muhit bilan uyg`unlikda munosabatda bo`lish maqsadida, halqaro ekologiya va salomatlik sanalariga bag`ishlab, aholining ekologik huquqiy bilimlari va madaniyatini oshirishda bir qator davlat, nodavlat tashkilotlar va ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda, tadbirlar o'tkazildi, Jumladan:
- "Mehr va muruvvat" jamoat fondi bilan hamkorlikda, 14-yanvar - "Vatan himoyachilari kuni"ga bag`ishlab Toshkent shahar harbiy-telekommunikatsiya yo`nalishidagi Akademik litseyda "Ekologik tarbiya yoki atrof-muhitga nisbatan munosabat", Rassomlik kollejida "Yoshlarda vatanparvarlik tuyg`usining shakllanishida ekologik madaniyatning o`rni", 5 iyun -"Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni" munosabati bilan Poytaxtning 91- sonli umum-ta`lim maktabida va "Barkamol avlod" bolalar markazida "Ekologiya, yoshlar va salomatlik" mavzusidagi, Toshkent davlat Yuridik universitetida «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslari", Toshkent Pediatriya tibbiyot institutidagi "Ekologiyaning dolzarb masalalari", "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag`ishlab Respublika ihtisoslashtirilgan musiqa va san'at akademik litseyida va Toshkent aloqa kasb hunar kollejida "Bizda eng oliy qadriyat - inson va uning manfaatlari" mavzuida uchrashuvlar o`tkazildi. O`quv muassasalarida "Ananalarni tikla - daraxt ek!" ekologik aksiyalari doirasida bir qator daraxt ko`chatlari o`tqazildi hamda (8,7 mln.so`mlik) targ`ibot plakatlari, kitob va o`quv qurollari topshirilib, «Ekologiya burchaklari" tashkil qilindi;
- "EKOSAN" fondi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda O'zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasining "Jamoatchilik nazorati to`g`risida"gi Qonun loyihasi muhokamalarida hamda Inson huquqlari bo`yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy Markazining Ombudsman faoliyatini takomillashtirish hamda bolalar huquqlarini taminlash borasidagi ishchi guruhlarida ekspert sifatida ish olib bordi. Fridrix Ebert nomidagi fondning O`zbekistondagi vakolatxonasining xalqaro konferensiya, seminarlarida hamda "Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy g`oyalari va loyihalari yarmarkasi"da o`z ko`rgazmasi bilan ishtirok etdi
- "EKOSAN" fondining 25 yilligiga bag`ishlab, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi "Mahalla" telekanalida "Siz bilan birga" mavzusida teleko`rsatuv tayyorlanib, fondning samarali faoliyati yoritib berildi, "Yoshlar" telekanalida "Yoshlar o`rtasida tabiiy va suv resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish" mavzusida "Bilasizmi?" targ`ibot teleko`rsatuvi tayyorlanib efirga uzatildi.
II. “Ko`rik-tanlovlar” bandi asosida:
- "EKOSAN" fondi, Toshkent shahar 25- sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabi hamda 106-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida "Tabiat bolalar ko`z o`ngida", 23-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabida "Tabiat va biz! "mavzusida Toshkent madaniyat kolleji va Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san'at akademik litseyida "Tabiatni asraylik!" mavzularda rasm va insho tanlovlari va ko`rgazmalari o`tkazildi. G`olib va sovrindorlar, "EKOSAN" fondining Diplom va sovg`alari bilan taqdirlandilar;
- "EKOSAN" Navoiy viloyati hududiy tashkiloti, aholining hududlarni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish, mahallalarda sanitariya-ekologik holatni yahshilash borasidagi aholi faolligini oshirish maqsadida Navoiy shahri va Karmana tumanlarida yoshlar ishtirokida "Kelajak avlodga - yorqin kelajak qoldiraylik!" mavzusida ekologik aksiya tashkil qilindi, mazkur tadbir ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi;
- Xorazm viloyati "EKOSAN" hududy tashkiloti bir qator hamkorlar ishtirokida "Xorazm madaniyati kunlari" ekofestivalini UrDu talabalari, litsey va maktab o`qituvchilari ishtirokida o`tkazdi. Ekofestivalda yoshlar tomonidan tayyorlangan rasm, foto, badiiy va hunarmandchilik ishlari ko`rgazmalari, ashula va raqs ko`rik - tanlovi uyushtirildi. Ayniqsa, Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida viloyatdagi fermer ho`jaliklari o`rtasida o`tkazilgan "Ekologik toza poliz maxsulotlarini yetkazish" mavzusidagi ko`rik - tanlovi o`zining sermazmunligi bilan e`tiborli bo`ldi. Mazkur tanlovda Hazorasp tumani 1- o`rin, Bog`ot tumani 2-o`rin, Yangibozor tumani 3-o`rin sohibi bo`ldi va homiy tashkilotlarning Diplom va sovg`alari bilan taqdirlandi;
- Surxondaryo viloyati "EKOSAN" hududiy tashkiloti viloyat "Yoshlar ittifoiqi" va Ekoharakat bo`limlari hamkorligida Termiz Davlat universitetida "Inson salomatligi buyuk ne`mat" hamda Termiz Arxitektura-qurilish kollejida "Giyohvandlik moddadsi va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari" mavzularida ijodiy ishlar ko`rgazmasi, uchrashuv va "Tibbiy ekologik madaniyat" risolasining taqdimoti o`tkazildi. G`oliblar Fahriy yorliq va sovg`alar bilan taqdirlandi.
III. “Sanitariya, gigiyena va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan hamkorlikdagi pilot loyihalarni amalga oshirish rejalari” bo`yicha:
- "EKOSAN" fondining 25 yilligiga bag`ishlab hamda "2017 - 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi yo`nalishlari doirasidagi "Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish" Davlat dasturini amalga oshirishga ko`maklashish maqsadida, «Nuroniy» va "EKOSAN" fondlari hamda O'zbekiston sport tashkilotlari fahriylari Kengashi birgalikda "Tabiatni asraylik, odamlar!" shiori ostida EKOMARAFON tashkil qildi. O`zbekiston sport fahriysi Abdijabbor Xolboyev (65 oshli), Toshkent - Guliston - Jizzax - Samarqand - Navoiy - Buxoro -Urganch - Nukus shaharlari yo`nalishida 45 kun 1300 kilometr masofani piyoda bosib o`tdi hamda viloyatlarda aholi, ayniqsa yoshlarni sport bilan shug`ullanishga, sog`lom turmush tarzi bilan yashashga va ekologik muammolarga befarq bo`lmaslikni targ`ib qilish ishlari olib borildi.
- Qoraqalpog`iston Respublikasida 5- iyun "Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni"ga bag`ishlab, "Ekologiya haftaligi - 2017" o`tkazildi. Unda Nukus shahrining "Turon" stadionida bolalar sport festivali futbol, engil atletika, yugurish va shashka bo`yicha sport musobaqalari o`tkazildi, shuningdek, "Istiqlol" bolalar markazida "Baxtli bolalik" mavzusida "Ekologik konferensiya", "Rangbarang bo`yoqlar dunyosi" mavzusida nogiron bolalar o`rtasida rasmlar ko`rik-tanlovlari tashkil qilindi. G`oliblar "EKOSAN" hududiy tashkilotining Diplom va sovg`alari bilan taqdirlandilar.
- "EKOSAN" Surxondaryo viloyati hududiy tashkiloti "Tabiatni asrang!" shiori ostida Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida OAV vakillari ishtirokida Sherobod va Boysun tumanlariga ekomediatur tashkillashtirdi. Maqsadi, tumanlardagi ekologik vaziyatni o`rganish va atrof-muhit muhofazasi borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish hamda OAV orqali aholi habardorligini oshirish va targ'ibot ishlarini olib borish.
- O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondining “Таbiiy resurslarni muhofaza qilish, o`simlik va hayvonot dunyosini asrab - avaylash, aholi o`rtasida, ayniqsa yoshlarimizning ekologik madaniyati, ongi va dunyoqarashlarini shakllantirishda ko`rgazmali targ`ibot materiallaridan keng foydalanish” Davlat ijtimoiy buyurtmasi (100,0 мln.so`м) doirasida, 350 tа ekologik targ`ibot bannerlari (3х6; 1,5х2; 1,5х3 hajmda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Хоrazm viloyatlariga o`rnatildi) tayyorlanib, belgilangan joylarga o`rnatildi, shuningdek, loyiha doirasida «Ekologik plakatlar to`plami» - 5000 аdadda va “Ekologiya asoslari” – 1000 adadda o`quv qo`llanmasi (коllеj va akademik litseylar uchun) tayyorlanib nashr etildi. Loyiha samarali davom etmoqda.
- "EKOSAN" fondi tomonidan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondining "Chilonzor tumani "Qatortol" mahalla fuqarolar yig`ini hududida "Bolalar maydonchasi"ni tashkil qilish, hududiy jamoatchilik ishtirokida odonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish orqali ekologik vaziyatni va sanitariya holatini yaxshilashga ko`maklashish" loyihasi (25,0 mln. so`m) amalga oshirildi. Loyiha doirasida belgilangan bir qator xayriya tadbirlari hamda "Bolalar maydonchasi" barpo etish ishlarini samarai amalga oshirdi va Chilonzor tuman hokimligi, "Nuroniy" fondi faollari, mahalla ahli va OAV ishtirokida tantanali topshirish tadbiri tashkil qilindi.
IV. “Aholining, ijtimoiy, ekologik, tibbiy, sanitariya va gigiyena sohasi sharoitlarini yaxshilash hamda ichimliklar suvi tanqis bo`lgan xududlarda yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash” Dasturini izchillik bilan amalga oshirib borib:
- Qoraqalpog`iston Respublikasi aholisini ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadida, Kegeyli tumani "Juzumbag`" MFY hududiga 900 metr ichimlik suvi quvuri tortilib, ta'mirlash tiklash ishlarini olib bordi, Shumanay tumanining "Taza bazar", "Monshakli" va "Navro`z" ko`chalarida 1100 metrga ichimlik suvi tarmoqlari tortilib yangi quduqlar o`rnatildi. Qonliko`l tumanining "Do`stlik" MFY hududidagi "Parahatshilik", "Birlik", "Nukus" hamda "Do`stlik" ko`chalarida 788 metrli suv tarmog`i qurilishi va ta'mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, Surhondaryo viloyati Uzun tumani "Uzunqishloq" mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadida 2ta suv ichimlik suvi inshootlari, suv quduqlariga nasos o`rnatish va suv minorasini ta'mirlash ishlari aholining olqishiga sazovor bo`ldi.
-Orolbo`yi hududidagi tibbiyot muassasalarining aholiga bir me`yorda sifatli tibbiy xizmat ko`rsatishiga ko`mak berish maqsadida Qonliko`l tumanidagi "Bo`ston" MFY "Qulamet jirao`" qishloq vrachlik punktiga 288,8 metr, Chimboy tumani "Қizil o`zak" MFY hududidagi 53 –sonli qishloq oilaviy poliklinikasiga 350 metr ichimlik suvi quvurlari yangidan o`tkazib berish natijasida aholiga tibbiy yordam ko`rsatish sifati yahshilandi. Mazkur suv ta`minoti loyihalari doirasida jami 3427 metr suv tarmog`i tortilib, 10 000 ortiq aholining ichimlik suvi ta`minoti (jami 413,2 mln.so`mlik) yaxshilandi;
- Muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish maqsadida, Qoraqalpog'iston Respublikasi Ellikqal'a tumani “Sarabiy” oilaviy poliklinikasiga hamda Xorazm viloyati Hazorasp tumani 1-sonli “Orom” davlat maxsus maktabgacha ta`lim muassasasiga quyosh texnologiyalariga asoslangan 2 ta-1000 Vt. fotoelektrik stantsiyalar 1 ta 200 l. quyosh suv isitish kollektorlari (jami 60,0 mln. so`m.) o`rnatildi:
- Aholi turarjoy ob`ektlarining ijtimoiy, ekologik, sanitariya va gigiyena sharoitlarini yaxshilash maqsadida, Qoraqalpog`iston Respublikasi Beruniy tumanidagi "Navro`z" va "Bunyodkor" MFY ko`p qavatli uylari hududiga 6 va 8 o`rinli namunali xojatxona qurib berildi, shuningdek, "Bunyodkor" MFY hududida 2ta bolalar maydonchasi qurilishi (jami 108,2 mln. so`mlik) amalga oshirildi, hamda hududlar obodonlashtirildi, sanitar holati yaxshilandi.
V. “Aholi va ijtimoiy ob`ektlarga xayriya yordamlarini ko`rsatish” bo`yicha, "EKOSAN - mahallada" dasturi doirasida, "Navro`z" umumxalq bayrami va 9 May - "Xotira va qadrlash kun"ga bag`ishlangan xayriya tadbirlari doirasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Farg`ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga, nogiron va keksalarga 20 ta nogironlar aravalari, 180 ta hassa, 40 ta qo`ltiqtayoq hamda 20 nafar urush va mehnat fahriylariga shaxsiy gigiyena vositalari to`plami "Nuroniy" fondi faollari hamkorligida topshirildi. Yangi 2018 - yil bayrami arafasida O'zbekiston ko`zi ojizlar jamiyatining Yakkasaroy bo`limining 50 nafar a`zolariga shaxsiy gigiyena vositalari (jami 8,9 mln.so`mlik) to`plami xayriya sifatida topshirildi;
Fond faoliyati TV, radio orqali yoritib borildi, "Qishloq haoti", "Toshkent oqshomi", "O`zbekistonda sog`liqni saqlash", "Ekomuloqot", "Jamiyat", "Nuroniy", "Hurriyat", "Ma'rifat", "O'zbekiston ovozi", "O'zbekiston ovozi" - "Golos Uzbekistana", "Nurly jo`l", "Yoshlar ovozi", "Vesti Karakalpakstana", "Mening mulkim», «Uzbekistan Tudey" gazetalarida, "Yagona oilada" va "Sihat - salomatlik" jurnallarida 50 ga yaqin maqolalar chop etilgani e`tiborli.
"EKOSAN" fondi, 2018 yil - "Faol tadbirkorlik, innovatsion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili" Davlat dasturi bilan hamohang holda, o`z faoliyatini samarali amalga oshirish bo`yicha rejalarini belgilamoqda.
«EKOSAN» axborot xizmati